Онлайн фильмы

Смотреть фильмы онлайн сегодня не только удобно, но и практично. Конечно же, просмотр киноновинки дома врядли сможет заменить вам поход с любимой девушкой или друзьями в кинотеатр, однако позволит сэкономить на стоимости билета и при этом смотреть фильмы в неограниченном количестве. Сегодня мировой кинематограф фактически ежедневно радует любителей кинематографа киноновинками. Пересмотреть все киноновинки посещая кинотеатр, у вас не хватит ни времени, ни денег. Да это и не нужно делать, ведь порой, реклама фильма у его создателей получается лучше, чем сам фильм. К тому же фильмы интересные одной аудитории, совершенно не интересны другой части зрительской аудитории, и порой по названию и описанию фильма не всегда можно определить будет ли этот фильм интересно смотреть или нет.
Главная » 2014 » Апрель » 29 » Abu Iso at-Termiziy (AT-TERMIZIYNING «ASH-SHAMOIL AN-NABAVIYYA» ASARI)
13:17
Abu Iso at-Termiziy (AT-TERMIZIYNING «ASH-SHAMOIL AN-NABAVIYYA» ASARI)

AT-TERMIZIYNING «ASH-SHAMOIL AN-NABAVIYYA» ASARI

Abu Iso at-Termiziyning boshqa bir yirik asari «Ash-shamoil an-nabaviyya» («Payg‘ambarning alohida fazilatlari») deb ataladi. Bu asar ba’zi manbalarda «Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallollohu alayhi vassallam», «Ash-shamoil al-Muhammadiya» nomlari bilan ham keltirilgan. Asar payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy hayotlari, u zotning suvrat va siyratlari, ajoyib fazilat va odatlariga oid to‘rt yuzu sakkiz hadisi sharifni o‘ziga jamlagan qimmatli manbadir. Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, ushbu mavzu ya∋ payg‘ambar alayhissalomning fazilatlari, odatlari haqidagi hadislarni to‘plash bilan juda ko‘p olimlar, muhaddislar shug‘ullanganlar va bu xildagi hadislar turli-tuman kitoblardan o‘rin olgan. Lekin at-Termiziy asarining boshqalardan afzalligi va farqi shundaki, muallif imkoni boricha payg‘ambar alayhissalom fazilatlariga doir barcha hadislarni muntazam ravishda to‘plab, mantiqan izchil bir holatda tartibga keltirgan va o‘ziga xos mustaqil, yaxlit kitob shaklida tasnif qilgan. «Ash-shamoil an-nabaviyya» azaldan islomshunos olimlar va tadqiqotchilarning diqqatini o‘ziga jalb qilib keladi. Arab tilida bitilgan ushbu asarga bir qancha sharxlar va hoshiyalar ham yozilgan. Ulardan Abdurauf al-Munoviy al-Misriyning (vafoti 1003 hijriy yili) «Sharh ush-shamoil», Ali ibn Sulton al-Haraviy al-Qoriyning (vafoti 1192 hijriy yili) «Jam’ ul-vasoil fi sharhi ash-Shamoil», Sulaymon ibn Umar ibn Mansur al-Jumalning «Al-Mavohib al-Muhammadiyya bisharh ash-shamoil at-Termiziyya» kabilarni keltirish mumkin. Bu asarning bir qo‘lyozmasi Qohiradagi al-Azhar kutubxonasida 144 hadis ilmi raqami ostida saqlanmoqda, Muhammad ibn Jasus al-Molikiyning (vafoti 1182 hijriy yili) «Al-Favoid al-jaliyla al-bahiyya ala «Ash-shamoil al-Muhammadiyya (bu asar 1927 yilda nashr qilingan) va nihoyat al-Azhar universitetining sobiq shayxi Ibrohim al-Bojuriyning (vafoti 1277 hijriy yili) «al-Mavohib al-Laduniyya ala ash-shamoil at-Termiziyya» kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.

Kezi kelganda shuni ham ta’kidlash kerakki, asar tili oddiy va ravonligi, soddaligi bilan ham ajralib turadi. Muhim tarixiy manba sifatida «Ash-shamoil an-nabaviyya» fors va turk tillariga ham tarjima qilingan. 1248 hijriy yili Hisomiddin an-Naqshbandiy tomonidan turkiy tilga qilingan tarjimasi arab tilini bilmaydigan turkiy xalqlar uchun g‘oyatda foydali qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. At-Termiziyning ushbu asariga sharh yozgan shayx ibrohim al-Bojuriy: «Imom at-Termiziyning «Ash-shamoil an-nabaviyya» kitoblari o‘z bobida yakkayu yagona asardir. Uning ovozasi Mag‘ribu Mashriqqa borib yetdi»[52], - deb ta’kidlaydi. Mashhur olim Ali ibn Sulton al-Haraviy al-Qoriy o‘zining yuqorida zikr qilingan «Jam’ al-vasoil fi sharh ash-Shamoil» nomli sharhida at-Termiziyning ushbu asari xususida shunday deb yozadi: «Rasululloh sallollohu alayhi vassallamning fazilatlari, axloqlari haqida tasnif etilgan musannafotlarning eng chiroyli va yaxshisi bu Imom at-Termiziyning payg‘ambar siyratlari haqidagi mukammal va muxtasar kitoblaridir. Bu kitobni mutolaa qilgan har kishi janob payg‘ambarni ko‘rganday va ul zotning har bobidagi mahosini shariflaridan bahramand bo‘lganga o‘xshaydi»[53]. Oldinroq eslatib o‘tganimizdek, asarning Saudiya Arabistonida istiqomat qilgan vatandoshimiz Sayyid Maxmud Taroziy tomonidan ona tilimizga qilingan muxtasar tarjimasi 1990 yili Imom at-Termiziyning 1200 yillik yubileyi munosabati bilan Toshkentda qaytadan nashr qilindiki, bu hol buyuk muhaddisning qimmatli asarini o‘rganishda katta ahamiyat kasb etishi shubhasizdir[54].

«Ash-shamoil an-nabaviyya»ning tuzilishi va tarkibi haqida gapiradigan bo‘lsak, bu muxtasar asar ellik olti bobga bo‘linib u «bobun joa fi xalqi Rasululloh sallollohu alayhi vassallam», ya∋ «Rasululloh sallollohu alayhi vassallamning jismi karimlari haqida rivoyat qilingan hadis shariflar bobi» dan tashkil topgan. Umuman olganda, mazmun-mohiyatiga ko‘ra asarni ikki asosiy qismga bo‘lish mumkin. Birinchi qismga mansub hadislar payg‘ambar alayhissalomning suvrat (tashqi qiyofa)lariga bag‘ishlangan. Bularga ko‘ra payg‘ambarimiz novcha ham, pakana ham bo‘lmay, balki o‘rta bo‘ili, yag‘rindor, qo‘llari bo‘lali, go‘shtdor va doimo jun bilan qoplangan, kaftlari bo‘liq, qirg‘iyburun, peshonalari keng, ko‘zlari katta-katta bir zot bo‘lgan.

Asarning ikkinchi qismida keltirilgan hadisi shariflar esa payg‘ambar alayhissalomning siyratlari - ichki dunyosi va axloqiy fazilatlarini bayon qiladi. Bu hadislar bilan tanishar ekanmiz, Muhammad alayhissalom axloqiy jihatlardan namunaviy, mukammal bir siymo ekanligini, muomalada u zotning kattayu kichik, ayol erkak, boy-kambag‘allar bilan o‘zini bir xil muomalada tutishlarini, ro‘zg‘or va oila yumushlarida o‘z ayollariga astoydil ko‘maklashib yordam berishlarini, basharti biror gunoh qilib qo‘ygan kishi uzr so‘rasa, uning gunohlarini kechirganlarini, yo‘lda uchragan barcha kishilarga birinchi bo‘lib salom berib, samimiy hol-ahvol so‘rashlarini bilib olamiz.

«Ash-shamoil an-nabaviyya»ning XVI asrga oid qo‘lyozmasi Toshkentda, O’zbekiston musulmonlari diniy idorasi kutubxonasida saqlanmoqda. 1980 yilda Toshkentda mazkur diniy boshqarma buyurtmasi bilan «Ash-shamoil an-nabaviyya»ning ushbu qo‘lyozmasi ofset tariqasida nashr etilgan bo‘lib, undagi qisqacha so‘zboshi O’rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi hay’atining sobiq raisi, marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon hazratlari tomonidan yozilgan. Bundan tashqari «Ash-shamoil an-nabaviyya»ning ayrim qo‘lyozmalari O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda.

AT-TERMIZIYNING «AL-ILAL FI-L-HADIYS» ASARI

Imom at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan «Al-ilal fil-hadiys» («Hadislardagi illatlar yoki nuqsonlar») nomli muhim asari ikki mustaqil asardan tashkil topgan. Ulardan biri «Al-ilal al-kabiyr» yoki «Al-mufrad» nomi bilan atalgan asari bizgacha yetib kelmagan, degan taxmin bor. Garchand aksar tadqiqotchilar ham shunday fikrda bo‘lsalar-da, Imom at-Termiziyning hayoti va faoliyatiga doir maxsus risola yozgan olim Nuriddin Atar (ushbu risolaning Bayrutda 1988 yilda chop etilgan ikkinchi nashrida) Turkiyaning qimmatli qo‘lyozmalarga boy kutubxonalaridan birida at-Termiziyning «Al-ilal al-kabiyr» asarining yagona qo‘lyozmasini ko‘rgani va undan fotonusxa olib o‘z tadqiqotining ushbu qayta nashrida foydalangani haqida yozadi[55]. Uning yozishicha, at-Termiziy «Al-ilal al-kabiyr»ni ta’lif etgan paytda uni boblarga bo‘lmagan holda yozgan. Ammo keyinchalik bu ajoyib kitob olim Abu al-Valid al-Qoziy tomonidan tartibga keltirilib boblarga ajratilgan va kitob oxirida mustaqil bir bob, hadis rijjol (roviy)lari haqidagi fikr mulohazalar bayon etilgan.

«Al-ilal»ning ikkinchisi «Al-ilal as-sag‘iyr» deb ataladi. U muallifning bosh asari «Al-Jomi’ as-sahiyih»ga bevosita aloqador bo‘lganligi sababli xotima tariqasida ushbu asarning oxirida keltirilgan. Umuman olganda, arabcha «ilal» so‘zi «illat»ning ko‘pligi bo‘lib, o‘zbekcha kasal, betob, xasta, noqis, illatli, og‘ish kabi lug‘aviy ma’nolarni anglatadi. Kezi kelganda shuni ta’kidlash kerakki, hadis ilmida ilal masalasi muhim ahamiyatga ega bo‘lib, turli sabablarga ko‘ra roviylar tomonidan yo‘l qo‘yilgan zaiflik, noaniqlik, g‘alat, xato, sahvu kabi yanglishlar tadqiq etiladi. Ko‘pgina muhaddislarning hadislarga bu jihatdan ham katta e’tibor berib, asarlar yaratgani bu ilmning islom ta’limotida g‘oyatda foydali va muhim ahamiyat kasb etganidan dalolat beradi. Illatli hadislar xususida Imom al-Buxoriyning ustozi Ali ibn Abdulloh al-Madiyniy, Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom al-Buxoriy, Imom Muslim, Imom at-Termiziy, Abu Hotam va boshqalar asarlar yozganlar. Mana shu buyuk muhaddislar orasida ham Imom at-Termiziyning ilal to‘g‘risidagi asarlari hadislarning siqasi (to‘g‘riligi, aniqligi)ni tekshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Imom at-Termiziyning o‘zlari «Ilal» masalasi xususida: «Bu (ilal) masalada uzoq vakt fikr-mulohaza yuritdim, buning boisi shundaki, bizdan shu xususda so‘ralganda, oldin o‘z nuqtai nazarimizni ochiq-oydin aytmadik. Sababi, bizdan avval ilal masalasi xususida so‘ralgan bir qancha ulamolar ham o‘z fikrlarini bildirmaganlar, shuningdek, ba’zi muhaddislar o‘rtalarida hadisda siqa (ishonchli) bo‘lgan roviylarning xato, yanglish va kamchiliklarini aytish g‘iybat bo‘ladi, degan ulamolar ham bor edi. So‘ng bir qancha mashhur muhaddislar, xususan, ustoz Imom al-Buxoriy bilan bir necha yillik muloqotda bo‘lganimdan keyin hamda mazkur fikrga aloqador rivoyatlarni eshitgandan keyin ilal masalasini oshkora qilishga jazm qildim. Na Iroqda, na Xurosonda ilal, tarix va isnodlar sohasida Imom Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydan ko‘ra bilimdonroq biror olimni ko‘rmadim», deb ta’kidlaydilar.

AT-TERMIZIYNING «AL-JOMI’» VA «ASH-SHAMOIL AN-NABAVIYYA» ASARLARIGA YOZILGAN SHARHLAR

1. «A’rizat al-Ahvaziy fi sharh al-Jomi’ lit-Termiziy» nomli sharhning muallifi al-Hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh al-Ashbiliy bo‘lib u Ibn al-Arabiy al-Molikiy (vafoti 1151 yil) nomi bilan mashhur bo‘lgan. Asarning qadimiy to‘liq bir qo‘lyozma nusxasi Madinai Munavvaradagi kutubxonada saqlanadi, boshqa bir qulyozma nusxasi alloma ash-Shayx Rafiy’addin al-Buxoriyning kutubxonasida mavjud. Asar Qohirada ham nashr etilgan bo‘lib, lekin bu nashrda ko‘p xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan.

2. «Sharh al-Jomi’ lit-Termiziy» - Hofiz Abdul-Fath Muhammad ibn Sayyid an-Nos al-Yaamariy ash-Shofi’y (vafoti 1333 yil) uning muallifidir. Muallif asarning uchdan bir qismiga yetgan. Garchand u o‘n jilddan iborat sharh bitgan bo‘lsa-da, uning oxiriga yetkazish uchun fursat topmagan. Sharhning bunchalik cho‘zilib ketishligining boisi shundaki, muallif o‘z asari doirasini faqat hadis faniga aloqador masalalar bilan cheklab qolmay, balki unga boshqa fanlarga doir ma’lumotlarni ham kiritgan.

Alloma al-Chalabiy shunday degan: «Agar muallif o‘z sharhida faqat hadis fani bilan chegaralanganda edi uni tamomiga yetkazar edi, lekin u (muallif) Ollohga hamd aytamizki, himmatli ish qilgan. So‘ngra undan qolganlarini oxiriga yetkazgan al-Hofiz Zaynuddin Abdurahim ibn Husayn al-Iroqiy bo‘lib, «al-Alfiya»[56]ning muallifi (vafoti 1403 yil)dir. Bu kitobning to‘liq bir nusxasi Madinai Munavvaradagi kutubxonada saqlanadi.

3. «Sharh al-Jomi’ lit-Termiziy» nomli sharh Zaynuddin Abdurrahmon ibn Ahmad ibn an-Nabiy al-Hanbaliy (vafot yili noma’lum)ning qalamiga mansub bo‘lib, yigirma jildda tugallangan, lekin qandaydir bir fitna vaqtida yonib ketgan[57].

4. «Al-A’rf ash-shaziy a’lo Jomi’ at-Termiziy»ning muallifi Sirojiddin Umar ibn Raslan al-Balqiyniy ash-Shofi’iy (vafoti 1402 yil). Ushbu sharh Imom at-Termiziy asarining bir qismiga bag‘ishlanib, sharh oxirigacha yetkazilmagan[58].

5. «Sharh az-zavoid lit-Termiziy»ning muallifi alloma Sirojiddin Umar ibn Ali al-Mulaqqin (vafoti 1401 yil). Bu asar Imom al-Buxoriy va Imom Muslimning «Sahiyh» va Abu Dovud asaridan ortiqcha at-Termiziyda keltirilgan hadislarning sharhidir[59].

6. «Al-Lubb ul-albob fiy mo yaqulu at-Termiziy fil-bob» nomli sharhning muallifi Shayx ul-islom al-Hofiz ibn Hajar al-Asqaloniy[60] (vafoti 1448 yil) bo‘lib, bir jilddan iborat bu sharhning qo‘lyozmasi Madinai Munavvaradagi qutubxonada saqlanadi. Bu juda ham muhim asar bo‘lib, Imom at-Termiziy fiqhiy masalalarga doir»... haqidagi bobda» zikr qilingan hadislarni bayon qilishga bag‘ishlangan. Ushbu hadislar jarh (illatlari) va ularning tuzatish (ta’diyl)lari bilan birgalikda mufassal holda bayon qilingan.

7. «Qut al-mug‘taziy» nomli asar alloma Jaloluddin as-Suyutiyning (vafoti 1505 yil) qalamiga mansub. Bu haqda Hoji Xalifaning «Kashf az-zunun» asarida (1-jild, 375-bet) hikoya qilinadi. Jaloluddin as-Suyutiy ushbu sharhida at-Termiziyning «Sunan» asarini yuqori baholab uni quyidagicha ta’riflaydi: «Imom at-Termiziyning «Sunan» asari boblarga bo‘lingan. Bu ham bir ilm. Asardagi fiqh - huquqshunoslik masalalari ham bir ilm. Sahiyh bilan saqimni ajratuvchi ilalni aytishlari ham bir ilm. Ularning o‘rtasidagi hadis turlarini zikr etish ham bir ilm. Roviylarning nomlari va laqablari ham alohida bir ilm. Jarh va ta’diyl, Rasulullohni topgan va topmagan roviylarni belgilash isnodli rivoyat. Unda keltirganlarning hammasi ijmoliy ilm turlaridir. Ammo tafsiliysi juda ham ko‘p. Xullas, bu asarning qimmatli jihatlari majmualar to‘plamidir».

8. «Naf’ Qut al-mug‘gaziy»ning muallifi alloma as-Sayyid Ali ibn Sulaymon ad-Dumantiy al-Bajma’viy al-Mag‘ribiy al-Molikiy ash-Shoziliy (vafoti 1877 yil)[61].

«Jomi’ at-Termiziy» nusxasining hoshiyasida chop etilgan. Muallif alloma Jaloluddin as-Suyutiyning oldin zikri o‘tgan sharhini muxtasar holga keltirib, kitob aslining foydali tomonlariga bir qadar xalal yetkazganki, kitobning nomi «Naf’ Qut al-Mug‘taziy» iborasi ma’nosini yo‘qotgan. Bu asar Qohira va Dehlida chop etilgan.

9. «Sharh al-Jomi’ lit-Termiziy»ning muallifi al-Hofiz Zaynuddin Abdurrahmon ibn Ahmad ibn Rajab al-Hanbaliy (vafoti 1587 yil). Ushbu sharh haqida manbalarda juda kam ma’lumot keltirilgan.

10. «Sharh al-Jomi’ lit-Termiziy» ham Shayx ul-islom al-Hofiz ibn Hajar al-Asqaloniyning (vafoti 1148 yil) qalamiga mansub bo‘lib, muallif uni «Sahiyh al-Buxoriy»ga yozgan yirik sharhi «Fath al-boriy»da zikr qilgan[62].

11. «Sharh al-Jomi’ lit-Termiziy» ash-Shayx Abul-Hasan ibn Abdulhodiy as-Sanadiy al-Madiniy (vafoti 1728 yil) bitgan bu sharh juda go‘zal bo‘lib, muallif uni al-Haram ash-Sharifda (Makkada) ta’lif etgan. Asar qirq qism (juz’)dan iborat.

12. «Sharh al-Jomi’ lit-Termiziy»ning muallifi alloma Abu at-Tayyib (Muhammad ibn at-Tayyib) as-Sanadiy (al-Madiniy), vafoti 1698 yil), bu sharh arab tilida «bi qavlihi» «vaqavluhu» deyilib, uning bir qismi chop ham etilgan.

13. «Sharh al-Jomi’ lit-Termiziy»ning muallifi alloma Siroj Ahmad as-arhandiy bo‘lib, fors tilida bitilgan bu sharhning ayrim qismlari nashr ham etilgan.

14. «Muxtasar al-Jomi’ lit-Termiziy» alloma Muhammad ibn Uqayl al-Bolisiy ash-Shofi’iy (vafoti 1329 yil) qalamiga mansub bo‘lib, asarning xususiyatlari haqida mufassal ma’lumotga ega emasmiz.

15. «Joizat ash-Sha’uziy» nomli sharh alloma Badiy’ uz-Zamon (vafoti 1892 yil) qalamiga mansub. Bu asar «Jomi’ at-Termiziy»ning urdu tiliga ag‘darilgan tafsirli tarjimasidir.

16. «Muxtasar al-Jomi’ lit-Termiziy»ning muallifi alloma Najmiddin Sulaymon ibn Abu al-Quvvo at-Tufiy as-Sirsiriy al-Xanbaliy (vafoti 1311 yil). Bu muxtasar asardan al-Hofiz Salohiddin Xalli ibn Kiykeldi al-A’loiy ismli olim at-Termiziy asarida oliy sanad bilan rivoyat qilingan yuz hadisdan bir majmua yaratgan[63].

17. «Hadiyat al-lavza’iy bi-nukot at-Termiziy» alloma Abu at-Tayyib Muhammad Shams al-Haqq al-Aziymobodiy (vafoti 1911 yil) qalamiga mansub bu asar muallifning vafoti tufayli oxiriga yetmagan. Ushbu sharhda matnlarga qo‘shimcha isnodlarga taalluqli juda nafis tadqiqotlar ham mavjuddir.

18. «Sharh ash-shamoil lit-Termiziy»ning muallifi ash-Shayx Abdurrauf al-Munoviy (vafoti 1621 yil) bo‘lib, uning avvali: Ahl al-fazlning qadimda va hozirgi zamondagi shaklu shamoyillari va hokazo, alloma al-Munoviy unda zikr qilgan: «Uning sharhiga birinchi bo‘lib kirishgan tadqiqotchilarning yakkayu yagonasi Mavlono Isomuddin al-Isfaraiyniy bo‘lib, u o‘zidan burun hech kim ochmagan uning sirlaridan pardani ko‘tarishga muyassar bo‘ddi. Lekin naqliy (an’anaviy) fanlardan hisoblangan bu fanning aqliy (mantiqiy) farazlarini u bilan birga idrok etish ham borki, hatto u xato avhomlardan deb hisoblanadi»[64].

19. «Ashraf ul-vasoil»ning shayx Shahobuddin Ahmad ibn Hajar al-Haysamiy al-Makkiy (vafoti 1566 yil) muallifidir. Musannif zikr qilishicha, bu kitob bo‘yicha Al-Haram al-Muhtaramda (Ka’batullohda) dars berishlik (tadris) imkoni unga muborak Ramazon oyidan boshlab 18-Ramazonda nihoyasiga yetkazgan.

20. «Sharh ash-shamoil lit-Termiziy»ning muallifi alloma Sayyid Muhammad Qosim Jassus (vafoti 1769 yil) bo‘lib, bu asar Qohirada nashr etilgan. Lekin ushbu sharh batamom ravishda muhaddislarning uslubiyu ularning qiziqishlariga mos bo‘lmagan tarzda bitilgan.

21. «Sharh ash-shamoil lit-Termiziy»ning muallifi alloma Muslihiddin Muhammad ibn Saloh ibn Jalol al-Loriy (vafoti 1572 yil) bo‘lib[65], bu sharh arab tilida bitilgan. Muallif uni 1542 yilning Ramazon oyida tugatgan bo‘lib, muallifning qalamiga mansub forscha yozilgan boshqa bir sharh ham bordir.

22. «Zahr al-hamoil a’lo ash-Shamoil»ning muallifi alloma as-Suyutiy bo‘lib, bu sharh Misrda chop etilgan.

23. «Jam’ al-vasoil» - Mullo Ali al-Qoriy al-Haraviy (vafoti 1607 yil) qalamiga mansub bo‘lib, uning qoralamasini Makkai mukarramada 1599 yilda tugatgan. Ko‘pchilikning fikricha, «ash-Shamoil»ga bag‘ishlangan sharhlardan birontasi ham undan ustun emas.

24. «Tahziyb ash-Shamoil»ning muallifi ash-Shayx Muhammad ibn Umar ibn Hamza al-Antokiy (vafoti 1531 yil) bo‘lib[66], Mullo Ali al-Qoriyning yuqorida zikr etilgan sharhini muxtasar qilib tuzatib hadiya tariqasida Qustantaniyaning sultoni Boyazidxonga taqdim qilgan edi. Uning boshlanishi «alhamdulilloh alalziy ja’ala hayot al-orifiyn...»[67].

25. «Sharh ash-Shamoil»ning muallifi alloma Isomuddin Ibrohim ibn Muhammad (ibn Arabshoh) al-Isfarainiy (vafoti 1536 yil). Bu sharh aralash (mamzuj) bo‘lib, «alhamdulilloh allaziy fazzala al-Mustafo bi-akram ash-Shamoil» iborasi bilan boshlanadi.

26. «Sharh ash-shamoil lit-Termiziy» - Mullo Muhammad al-Hanafiy (vafot etgan yili noma’lum)ga mansub bo‘lib, muallif ushbu sharhini 1520 yilda tugatgan.

27. «Sharh ash-Shamoil lit-Termiziy»ning muallifi Muhammad Oshiq ibn Umar al-Hanafiy (vafoti 1629 yil) bo‘lib, ushbu alloma o‘z sharhida: U «ash-Shamoil»ni Mahmud al-Malik ibn Shamsiddin nomi bilan mashhur o‘z ustozi ash-Shayx Abdulloh al-Ansoriydan rivoyat qilganligi haqida yozadi. Ash-Shayx Ahmad Ali «Sharh ash-Shamoil»ning hoshiyasiga muxtasar bitgan bo‘lib, uning bir nusxasi ash-Shayx Shams ul-Haqq kutubxonasida saqlanadi[68].

28. «Ash-Shamoil»ning turkcha tarjimasini amalga oshirgan Ishoq Xo‘ja Ahmad Afandi (vafoti 1708 yil) nomi bilan mashhur bo‘lgan Ahmad Xayruddin al-Aydiyniy bo‘lib, uning haqida mufassal ma’lumotga ega emasmiz.

29. «Ash-Shamoil»ning turkcha nazmiy ifodasini Mazlum Zoda nomi bilan tanilgan Mustafo ibn Husayn al-Halabiy bajargan bo‘lib, muallif bu asarini 1745 yilda tugatgan.

30. «Bahor Xuld» Kofiy - bu urdu tilida bitilgan go‘zal bir nazmiy asar bo‘lib, chop ham etilgan.

31. «Al-Mavohib al-Laduniyya a’lo ash-shamoil al-Muhammadiyya»ning muallifi alloma ash-Shayx Ibrohim (Ibn Muhammad) al-Buxoriy (vafoti 1847 yil). Bu «ash-Shamoil»ning muxtasar tarzdagi sharhi bo‘lsada, juda foydali. Asar 1835 sanada al-Jomi’ al-Azharda ta’lif etilgan. Uning avvali «alhamdulilloh al-mustavjab li-qulli kamol an-nu’ut bi-qulli ta’liym va jamol» iborasi bilan boshlanadi.

32. «Al-Kavkab ad-durriy a’lo at-Termiziy» nomli sharhning muallifi Rashid Ahmad al-Kankuhiy bo‘lib, bu ikki jilddan iborat qimmatli sharh Hindistonda chop etilgan.

33. Olim Muhammad Anvar Shoh al-Kashmiriy qalamiga mansub asar «Al-A’rf ash-shaziy a’lol-Jomi’ at-Termiziy» deb atalib, bu sharh ham ikki jildda Hindistonda chop etilgan[69].

ILMU AMALI IBRATLI ALLOMA

Mashhur muhaddis Abu Iso at-Termiziyning shaxsiy hayoti va barkamol ijodining har tomonlama o‘rganilishi tufayli buyuk bobokalonimizning hozirgi davrimiz uchun ham o‘rnak bo‘ladigan ko‘p ibratomuz fazilatlarining guvohi bo‘lamiz. Eng avvalo, at-Termiziyning yoshligidan ilm-fanga g‘oyatda chanqoqligi va zo‘r havas bilan qiziqishi, bu borada har qanday qiyinchiliklarga ham bardosh berib o‘z maqsadi, ya o‘z bilimini oshirish yo‘lidagi jiddu-jahdi katta-katta tahsinga sazovordir.

Yozma manbalarda keltirilishicha, hadisshunoslik ilmi sakkizinchi asrning ikkinchi yarmidan o‘n birinchi asr o‘rtalarigacha asosiy va zaruriy mashg‘ulotlardan biri darajasiga aylangan. Bu davrda Sharqning turli mamlakatlaridan bo‘lgan to‘rt yuzdan ortiq mualliflar ana shu ilm (hadisshunoslik) bilan shug‘ullanganlar[70].

Ma’lumki, o‘z bilimini oshirish borasida at-Termiziy ko‘pgina xorijiy mamlakatlarni ziyorat qilgan. Elma-el kezib, cho‘lu biyobonlar oshib roviylardan eshitgan hadislarini yitish bilan shug‘ullangan. Ularni tartibli ravishda yozib qayd qilish bilan birga ushbu hadislarni qanchalik darajada sahiyh, hasan yoki zaif, mavzu (soxta, o‘ylab chiqarilgan) ekanligini qayta-qayta tekshirgan, ilmiy ravishda chuqur tadqiq etgan. Allomaning shogirdlari orasida turli millat vakillari ham bo‘lgan.

Yoshi qirqdan oshgan va turli mamlakatlar olimlaridan ta’lim olgan at-Termiziy ham Imom al-Buxoriy mashhur bo‘lgan paytda yetuk olim darajasida tanilgan. Ikkala olim o‘rtasida 863-868 yillar oralarida Nishopurda ko‘pdan-ko‘p samarali ilmiy munozaralar, samimiy do‘stona uchrashuvlar bo‘lgan[71]. At-Termiziy o‘z asarlari uchun ko‘pgina foydali ma’lumotlarni al-Buxoriy bilan bo‘lgan uchrashuvlarida olganligini yozadi[72].

Abu Iso at-Termiziy asarlari hozirda ham o‘z qimmatini yo‘qotgan emas. Uning «Al-Jomi’ as-sahiyh», «Ash-shamoil an-nabaviyya» kabi asarlarida keltirilgan hadisi shariflar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lib insonlarni halol, adolatli, iymon-e’tiqodli, diyonatli, pokiza, mehnatsevar, muruvvatli, rahm-shafqatli, ota-ona, ayollarga nisbatan hurmat-e’tiborli bo‘lishga chorlaydi.

Bu ibratli pand-nasihatlar va o‘gitlar xalqimizni, jamiyatimiz ahlini, ayniqsa yosh avlodni tarbiyalashda beqiyos ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidlash o‘rinlidir. At-Termiziyning asarlari faqat diniy ilmlar majmuasiga oid bo‘lib qolmasdan, balki dunyoviy ilmlarga oid ma’lumotlarga ham boydir. Masalan, uning bosh asari bo‘lgan «al-Jomi’ as-sahiyh»da tarix, mantiq huquqshunoslik, tabobat, ziroatga oid ko‘plab qimmatli ma’lumotlarni uchratamiz. Arab tilini rivojlantirishda at-Termiziyning xizmatlari kattaligini zamonaviy olimlar qayta-qayta ta’kidlaydilar.

Xulosa qilib aytganda, buyuk bobokalonimizning shaxsiy hayoti va uning boy ma’naviy merosini chuqur va har tomonlama o‘rganish ham ilmiy, ham amaliy jihatdan katta ahamiyatga egadir.

Ubaydulla Uvatovning “Ikki buyuk donishmand” kitobidan olindi.

Категория: Tarix | Просмотров: 717 | Добавил: ஜ☆DJ_Aloviddin☆ஜ | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]

ЖАНРЫ

УЗБЕКСКИЕ МУЗЫКА

НАШИ ПРОЕКТЫ

ФЭН-КЛУБ

ВАША РЕКЛАМА

ОПРОС
Оцените мой сайт

Всего голосов: 144
НАШИ ГРУППЫ
ТОП КОММЕНТАТОРОВ
Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0
CinemaUz.Net - Первый Онлайн Кинотеатр ©2013-2014.

Смотреть Узбекские фильмы | Смотреть Узбекские клипы | Смотреть Концерты | Смотреть мультики | Смотреть Боевики