Онлайн фильмы

Смотреть фильмы онлайн сегодня не только удобно, но и практично. Конечно же, просмотр киноновинки дома врядли сможет заменить вам поход с любимой девушкой или друзьями в кинотеатр, однако позволит сэкономить на стоимости билета и при этом смотреть фильмы в неограниченном количестве. Сегодня мировой кинематограф фактически ежедневно радует любителей кинематографа киноновинками. Пересмотреть все киноновинки посещая кинотеатр, у вас не хватит ни времени, ни денег. Да это и не нужно делать, ведь порой, реклама фильма у его создателей получается лучше, чем сам фильм. К тому же фильмы интересные одной аудитории, совершенно не интересны другой части зрительской аудитории, и порой по названию и описанию фильма не всегда можно определить будет ли этот фильм интересно смотреть или нет.
Главная » 2014 » Апрель » 29 » Abu Iso at-Termiziy
13:13
Abu Iso at-Termiziy

Abu Iso at-Termiziy
 

 

Uning to‘liq ismi Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug‘iy at-Termiziy bo‘lib, hijriy 209 (melodiy 824) yili Termiz yaqinidagi Bug‘ (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani hududida joylashgan) qishlog‘ida o‘rta hol bir oilada tavallud topgan[1]. Markaziy Osiyolik mashhur tarixchi Abu Saad Abdulkarim as-Sam‘oniy (1113-1167) at-Termiziy Bug‘ qishlog‘ida vafot etganligi uchun al-Bug‘iy taxallusi bilan ham atalganini, olimning ko‘p yig‘laganidan umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligidan az-Zariyr (ko‘zi ojiz) taxallusini olganligini ham qayd qiladi[2].

Lekin el orasida at-Termiziy nomi bilan mashhur bo‘lishiga sabab uning butun hayoti va faoliyati (yoshligidan boshlab) Termiz shahri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lganligidan, shuningdek, olim tug‘ilgan Bug‘ qishlog‘i Termiz shahriga yaqin bo‘lib, ma‘muriy-idoraviy jihatdan unga mansub qishloqlardan ekanligidan deb izohlash mumkin.

At-Termiziyning oilasi va ota-onasi haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilmagan. Tarixchilar uning «Bobom asli marvlik edi, u kishi Lays ibn Sayyor zamonida yashagan, so‘ng u yerdan Termizga ko‘chib kelgan»[3], - degan fikrini keltirish bilan chegaralanadilar. Shuningdek, at-Termiziyning ko‘zi ojizligi xususida ham yozma manbalarda turli-tuman ma’lumotlar keltirilgan. Ba’zi mualliflar uni tug‘ma ko‘zi ojiz bo‘lgan desa, ko‘pchilik mualliflar olimning keyinchalik, umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolganligini yozadilar.

At-Termiziy yoshligidan o‘ta tirishqoq, idrokli va zakovatli bo‘lganligi bois o‘z tengdoshlari ichida ajralib turgan. Ilmga o‘ta qiziqishi tufayli o‘sha davrning ko‘pgina ilmlarini, ayniqsa, hadis ilmini chuqur egallagan. Termiz, Samarqand, Marv va Markaziy Osiyoning boshqa yirik shaharlarida istiqomat qilgan mashhur ulamo va muhaddislar asarlarini qunt bilan o‘rgangan, qo‘shni Balx va Hayraton shaharlaridagi ilm ahllari bilan ilmiy aloqalar o‘rnatilishiga munosib hissa qo‘shgan olimlardan biridir. Yoshligidan ilm-fanga tashna at-Termiziy 850 yildan, ya∋ yigirma olti yoshidan boshlab uzoq yurtlarga, qator xorijiy mamlakatlar va shaharlarga safar qiladi. Jumladan, u Hijozda - Makka va Madina, Iroq, Xurosonning qator shaharlarida ko‘plab muhaddis, ulamolar bilan muloqotda bo‘lib, ulardan ta’lim oladi, qizg‘in ilmiy munozara va bahslarda ishtirok etadi. Tarixchi Shamsuddin az-Zahabiyning ta’kidlashicha[4], at-Termiziy Misr va Shomni shaxsan ziyorat qilmagan, shu boisdan ham bu mamlakatlar ulamolaridan bilvosita hadislar rivoyat qilgan. Uzoq yillar davom etgan safarlari chog‘ida at-Termiziy nafaqat hadis ilmidan, balki ilm al-qiroat, al-bayon, fiqh, tarix kabi fanning boshqa sohalari hamda ko‘plab ustozlardan saboq oladi.

Shu bilan bir qatorda at-Termiziy payg‘ambar alayhissalom hadislarini to‘plashga alohida e’tibor bilan qaraydi. Bu borada u har qanday qiyinchiliklarga bardosh beradi. U o‘zi o‘qigan yoki biror roviydan eshitgan hadisini alohida qog‘ozlarga qayd etib borar, ularning asli va isnodini izchillik bilan aniqlab to‘g‘riligiga to‘liq ishonch hosil qilsagina maxsus qog‘ozlarga qayd etardi. Hadislarning to‘g‘riligiga shubha bo‘lganda ularni alohida ajratib yozardi. Shu tariqa hadislar sahiyh (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma’qul), zaiyf (bo‘sh, ishonchsiz), g‘ariyb (g‘alati) kabi xillarga ajratilgan.

Hadis ilmini egallashda va takomillashtirishda imom at-Termiziy o‘z davrining mashhur muhaddislaridan tahsil oldi. Uning ustozlaridan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim ibn al-Hajjoj, Abu Dovud, Qutayba ibn Sa’id, Ishoq ibn Muso, Mahmud ibn G’iylon, Said ibn Abdurrahmon, Muhammad ibn Bashshor, Ali ibn Hajar al-Marvaziy, Ahmad ibn Muniy’, Muhammad ibn al-Musanno, Sufyon ibn Vaqiy’ va qator taniqli muhaddislarni ko‘rsatish mumkin[5].

Imom at-Termiziy o‘z davrining yetuk muhaddisi sifatida ko‘pgina shogirdlarga ustozlik ham qilgan. Uning shogirdlaridan Maqhul ibn al-Fazl, Muhammad ibn Mahmud Anbar, Abu ibn Muhammad an-Nasafyun, Hammod ibn Shokir, Xaysam ibn Kulayb ash-Shoshiy, Ahmad ibn Yusuf an-Nasafiy, Abul-Abbos Muhammad ibn Mahbub al-Mahbubiy kabi yetuk olimlarni ko‘rsatish mumkin[6]. Yuqorida ko‘rib o‘tganimizdek, at-Termiziyning ustoz va shogirdlari orasida turli mamlakat va elat vakillari borligi sezilib turibdi. Shu nuqtai-nazardan qaralganda, uzoq o‘tmishda ham ilm-fanning taraqqiyoti va ma’rifat urug‘larini tarqatish borasida turli o‘lkalarning vakillari yakdil bo‘lib faoliyat ko‘rsatib samarali hamkorlik qilganliklari, umumbashariy qadriyatlar ravnaqi yo‘lida haqiqiy baynalmilallik ruhi mavjud bo‘lganligi hozirgi davrimiz uchun ham ibratli bir holdir.

At-Termiziy zehnining o‘tkirligi hamda quvvai-hofizasi kuchliligi xususida tarixiy manbalarda ko‘plab misollar, rivoyatlar keltiriladi. Jumladan, arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiyning (1274-1347) «Tazkirat ul-huffoz» («Hofizlar haqida tazkira») nomli asarida quyidagi hikoya keltiriladi: Abu Iso Muhammad at-Termiziy Makkaga hajga borayotganida yo‘lda mashhur muhaddislar bilan muloqotda bo‘ladi va ularning biridan hadislardan saboq berishini iltimos qiladi. U olim: «Bo‘lmasa qog‘oz-qalam ol», degan. Aksiga olib shu payt at-Termiziy qalam topa olmagan va olim ro‘parasida o‘tirib eshitgan hadislarini yozib olayotgandek qog‘oz ustida qo‘lini harakat qildiravergan. Olim esa turli-tuman hadislardan yetmishga yaqinini hikoya qilgan. Shu orada olim qog‘ozga qarab unda hech qanday yozuv yo‘qligini ko‘rgan va at-Termiziyning bu ishidan jahli chiqqan. At-Termiziy shunda bamaylixotir «Siz aytgan hadislaringizni yoddan aytib beraymi?», - deganu hozirgina olimdan eshitgan hadislarning hammasini birin-ketin takror aytib bergan. At-Termiziyning xotirasi kuchliligidan o‘sha olim hayratga tushib qoyil qolganligini bildirgan.

Bu xususda yana bir hikoya at-Termiziyning so‘ziga asoslanib keltiriladi: Makkaga ketayotganimda bir shayx to‘plagan hadislardan ikki qismini yozib olgan edim. Tasodifan o‘sha shayx bilan uchrashib qoldim. Yozib olingan hadislar mazmunan ularga o‘xshash-u, biroq boshqa hadislar ekan. Salom-alikdan so‘ng hadislarni aynan uning o‘z og‘zidan eshitishni iltimos qildim. U rozi bo‘lib, hadislarni hikoya qila boshladi. Keyin menga qarab qo‘limdagi oq qog‘ozni toza, ya∋ hech narsa yozilmagan holda ko‘rgach: «Bu qilig‘ing uchun mendan uyalmaysanmi?», - dedi. Men ma’zurona holda bor haqiqatni aytib: «Siz hikoyat qilgan hadislarning hammasini yoddan bilaman», dedim va uni birin-ketin so‘zma-so‘z aytib berdim. Shayx esa so‘zlarimga ishonqiramasdan «Nima, mening huzurimga kelishdan oldin ularni maxsus yodlagan edingmi?», - dedi. «Yo‘q», deb javob qilib: «Agar so‘zlarimga ishonmasangiz, boshqa hadislardan ayting», dedim. Shunda u o‘zining g‘aroyib hadislaridan qirqtasini hikoya qildi. Men unga ularni ham boshdan oxir birma-bir aytib berdim. Shunda u: «Senga o‘xshaganini hech qachon ko‘rmagan edim»[7], - dedi.

At-Termiziy ko‘plab xorijiy mamlakatlarga qilgan safar chog‘ida hadislarni to‘plab, kitoblar ta’lif qilishga ham kirishgan. Safardan qaytgach, olimu fuzalolar bilan ilmiy munozaralarda qatnashadi, ko‘plab shogirdlarga ustozlik qiladi. Ayniqsa, mashhur muhaddis alloma al-Buxoriy bilan ko‘plab ilmiy bahslar yuritib undan istifoda qiladiki, bu haqda at-Termiziy o‘zining «Al-Ilal» kitobida ham yozadi. At-Termiziyning ko‘pchilik tasniflari, jumladan, uning mashhur asari «Al-Jomi’» ham o‘z vataniga qaytganidan keyin yaratilgan. Imom at-Termiziy 892 yilda Termiz yaqinidagi Bug‘ qishlog‘ida vafot etgan va shu joyda dafn qilingan.

AT-TERMIZIY ASARLARI

O’z ijodiy faoliyati davrida at-Termiziy o‘ndan ortiq asarlar yaratdi. Uning madaniy merosida, shubhasiz, «Al-Jomi’» asari katta ahamiyatga egadir. Bu asar «Al-Jomi’ as-sahiyh» («Ishonchli to‘plam»), «Al-Jomi’ al-kabiyr» («Katta to‘plam»), «Sahiyh at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnatlari») nomlari bilan ham yuritiladi[8].

Muallifning yirik asarlaridan yana biri «Ash-shamoil an-nabaviyya» («Payg‘ambarning alohida fazilatlari»)dir. Bu asar «Ash-shamoil muhammadiyya», «Ash-shamoil fi shamoil an-nabiy sallollohu alayhi vassallam»[9] nomlari bilan ham ataladi. Ushbu asar Saudiya Arabistonida istiqomat qilgan vatandoshimiz Said Mahmud Taroziy (u 1992 yili vafot etgan) tomonidan o‘zbekchaga o‘girilgan (arab alifbosida va kirillchada Toshkentda bir necha bor nashr qilingan)[10]. «Kitob at-ta’rix», «Kitob al-ilal as-sag‘iyr va al-ilal al-kabiyr», «Kitob uz-zuhd» («Taqvo haqida kitob»), «Kitob al-asmo val-kuna» («Roviylarning ismi va laqablari haqida kitob»), «Al-ilal fil-hadiys» («Hadislardagi illatlar yoki og‘ishlar haqida»), «Risola fil-xilof val-jadal» («Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risola»), «Asmo us-sahoba» («Payg‘ambar sahobalarining ismlari»)[11] shular jumlasidandir.

«AL-JOMI’ AS-SAHIYH»

At-Termiziyning ijodiy faoliyatida yaratilgan asarlari ichida «al-Jomi’ as-sahiyh» («Ishonchli to‘plam») eng asosiy o‘rinni egallaydi. Ushbu asar yuqorida qayd qilganimizdek, «al-Jomi’ al-kabiyr», («Katta to‘plam»), «Sahiyh at-Termiziy», «Sunan at-Termiziy» («Termiziy sunnatlari») kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Tarixchi Ibn Xajar al-Asqaloniyning yozishicha, at-Termiziy ushbu asarini 270 hijriy (884 melodiy) yilda, ya qariyb oltmish yoshlarida, ilm-fanda katta tajriba orttirib, imomlik darajasiga erishgandan keyin yozib tugatgan[12].

Ushbu asar qo‘lyozmalari dunyoning bir qancha shaharlarida, shuningdek, o‘zimizda, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi, Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida ham saqlanmoqda. Muhim manba sifatida «Al-Jomi’ as-sahiyh» bir necha marta nashr qilingan. Bunga dalil sifatida 1283 (1866) yili Mitohda, 1292 (1875) yili Qohirada, shuningdek, 1980 yili Bayrutda nashr etilganligini ko‘rsatish kifoya. At-Termiziyning bu muhim asariga bir qator sharhlar ham yozilgan bo‘lib, ulardan ibn al-Arabiy (vafoti 543 hijriy, 1148 melodiy yili) nomi bilan mashhur bo‘lgan imom hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulla al-Ashbiliyning «Oridat al-Ahvaziy ala kitob at-Termiziy» nomli 13 juz’ (qism)dan iborat sharhlarini keltirish mumkin. Ushbu sharh dastlab 1931 yidda Qohirada nashr qilingan. Imom Hofiz Abu Ali Muhammad Abdurrahmon ibn Abdurahim al-Muborakfuriy (1283-1353) qalamiga mansub yana bir sharh ham «Tuhfat ul-Ahvaziy bisharhi at-Termiziy» deb ataladi. To‘rt juz’dan iborat bo‘lgan bu asar 1979 yilda Bayrutda nashr qilingan (Hindiston nashri ham mavjud). Misrlik olim va adib Jamoliddin Abdurrahmon ibn Abu Bakr as-Suyutiyning (1445-1505) at-Termiziy asariga yozgan sharhi «Qut al-mug‘taziy ala Jomi’ at-Termiziy» (undan ikki qismi nashr qilingan), deb atalgan.

Bulardan tashqari Muhammad ibn Abduqodir Abu at-Tayyib al-Madaniyning «Sharh Sunan at-Termiziy», Ahmad Muhammad Shokirning «Tahqiyq va sharh Jomi’ at-Termiziy» (o‘ndan ikki qismi 1937 yidda Mustafa al-Bobiy al-Halabiy tomonidan nashr qilingan), Muhammad Yusuf al-Bannuriyning «Maorif sunan sharh sunan at-Termiziy» (uning birinchi qismi 1963 yilda Pokistonda nashr kilingan), Siroj Ahmad as-Sarhandiyning «Sharh sunan at-Termiziy» nomli forscha sharhi, shuningdek Rashib Ahmad al-Kanuhiyning «Al-kavkab ad-durriy ala at-Termiziy» (Hindistonda chop etilgan), Muhammad Anvarshoh al-Kashmiriyning ikki juz’dan iborat «Al-Urf ash-shaziy ala Jomi’ at-Termiziy» (bu asar ham Hindistonda chop etilgan) va nihoyat Abul-Hasan Muhammad ibn Abdulhodiy as-Sanadiyning (u 1138 yilda vafot etgan) «Hoshiya ala sunan at-Termiziy»[13] kabi sharhlarini ko‘rsatish mumkin.

Avval eslatib o‘tganimizdek, hijriy uchinchi asr (melodiy to‘qkizinchi asr) hadis ilmining rivojida oltin davr hisoblanadi. Dastlab bu davrda yashab ijod qilgan Imom al-Buxoriy, Imom Muslim kabi allomalarning sermahsul faoliyati katta ahamiyat kasb etadi.

O’z ustozlari Imom al-Buxoriy, Imom Muslim asos solgan xayrli ishni Imom at-Termiziy chuqur mas’uliyat va katta idrok bilan davom ettirdi. Hadisshunoslikning ilmiy asosda rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shib, musulmon dunyosidagi eng nufuzli muhaddislardan biri darajasiga ko‘tarildi. Abu Iso at-Termiziyning shoh asari bo‘lmish «Al-Jomi’ as-sahiyh» olim mashaqqatli mehnatining mahsuli sifatida hadis ilmida katta ahamiyatga ega. Eng avvalo shuni aytish kerakki, muallif o‘z asarini alohida-alohida boblarga bo‘ladi, imkoni boricha har bir hadis roviylarini keltiradi. Har bir hadisdan keyin uning ishonchli yoki ishonchsizlik darajasini aniqlab alohida ko‘rsatadi. Oldinroq biz asarini «As-sunan» («Sunnatlar») nomi bilan («Sunan at-Termiziy») atalishini ham eslatib o‘tgandik[14]. Bu nom bilan atalishiga asosiy sabablardan biri - unda fiqh masalasiga doir ahkom hadislar juda ko‘p keltirilgan. Shular bilan bir qatorda asarda pand-nasihat, axloq-odob, go‘zal xulqu fazilatlar xususida ham juda ko‘p hadisi shariflar keltirilganki, bu darajadagi hadislar hech bir muallif asarida uchramaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tarkibiy jihatdan asar quyidagi boblarga bo‘linadi. Undan tahorat, salot (namoz), zakot, ro‘za, haj, janoza, nikoh, emizish, taloq, savdo-sotiq, qozilik ahkomlari, tovon to‘lash, me’yor, sayd, qurbonlik, nazr-nuzur, iymon, siyratlar, jihod, kiyim-kechak (libos), taomlar, ichimliklar (al-ashriba), xayr-ehson va saxovat, tabobat, farzlar, vasiyatnomalar, xayrixohlik va taqdir, xuruju fitnalar, bashoratlar, shahodatlar, zohidlar, jannat va jahannam sifatlari, ilm, izn so‘rash, odob va axloq, masallar, Qur’on fazilatlari, qiroat, tafsir, duolar, manoqiblar (fazilatlar), illatlar haqidagi boblar keltirilgan[15].

Mana shu boblar asarda sarlavha tarzida bo‘lingan bo‘lib, bobga doir hadislar bo‘lim mazmunini to‘la-to‘kis ifodalaydi. Ushbu bobga doir masala bo‘yicha muallif bir qancha hadislarni keltiradi, so‘ng bu masala yuzasidan boshqa ulamoyu faqihlarning fikrlarini ham batartib bayon etadi. Undan keyin rivoyat qilingan hadisning sahiyh, hasan, zaif yoki g‘aribligi darajasiga o‘z munosabatini bildiradi. Shundan so‘ng hadis roviylari, sanadlari va sanadning o‘z ichiga olgan illatlari xususida o‘z fikrini bildiradi.

Yuqorida aytilgan fikrimizga misol tariqasida Abu Iso at-Termiziyning «Al-Jomi’ as-sahiyh» asarida «Tahorat» bobida «Safardagi va bir joyda muqim turgan kishi mahsisiga mash tortishi» haqida keltirilgan bir hadis xususida mufassal to‘xtalamiz.

«Bizlarga Qutayba so‘zlab berdi, unga Abu Uvona rivoyat qilgan, u Sa’yid ibn Masruqdan, u Ibrohim at-Tayamiydan, u Amir ibn Maymundan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan, u payg‘ambar alayhissalomdan rivoyat qiladilar. Rasuli akramdan mahsiga mash tortish haqida savol bilan murojaat qilganlarida, payg‘ambar alayhissalom: «Safardagi kishi uchun uch kecha-kunduz, bir joyda muqim kishi esa bir kecha-kunduz o‘z mahsisiga mash tortadi», deb javob qilganlar. Yahyo ibn Mu’iyn mash haqidagi Xuzaymadan rivoyat qilgan ushbu hadisni sahiyh (ishonchli) deydilar. Yuqorida zikri o‘tgan Abu Abdulloh al-Jadaliyning ismi esa Abu ibn Abd bo‘lib, ba’zan uni Abdurahmon ibn Abad ham deb atashar edi.

Imom Abu Iso at-Termiziy aytadilar: «Bu hadis hasan (ma’qul) va sahiyhdir». Shu bob haqida Ali, Abu Bakr, Abu Hurayra, Safvon ibn Ussol, Avf Ibn Molik, Ibn Umar va Jariyrdan rivoyat etilgan hadis bor. Bizlarga Xudod rivoyat qildi, u Abul Ahvasdan, u Osim ibn Abi an-Nujuddan, u Zar ibn Xubayshdan, u Safvon ibn Ussoddan, u aytdi: «Rasululloh sallollohu alayhi vasallam safarida birga bo‘lgan chog‘larimizda bizlarga uch kechayu uch kunduzgacha choriq - mahsilarimizni yechmaslikka buyurardilar. Faqat junub bo‘lgandagina yechib, katta va kichik tahorat singanda ham, uyqudan keyin ham yechmas edik». Abu Iso at-Termiziy aytdilar: bu hadis sahiyh va hasandir. Al-Hakam ibn Utayba va Hammod Ibrohim an-Naxayidan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan rivoyat qilgan hadis sahiyh emas. Ali ibn al-Madiyniy xabar beradi: «Menga Yahyo Ibn Sa’yid aytdi, unga Shu’ba shunday degan: Ibrohim an-Naxayi «Mash» haqidagi hadisni Abu Abdulloh al-Jadaliydan hech qachon eshitmagan. Zaida Mansurdan eshitganiga tayanib shunday deydi: «Biz Ibrohim at-Tayamiyning hujrasida o‘tirgan edik, bizlar bilan birga Ibrohim an-Naxayi ham bor edi. Shunda Ibrohim at-Tayamiy bizlarga hadis rivoyat qildi, u Amr ibn Maymundan, u Abu Abdulloh al-Jadaliydan, u Xuzayma ibn Sobitdan, u payg‘ambar alayhissalomdan «Mahsi - choriqqa mash tortish» haqidagi hadis edi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy: «Ushbu bobdagi eng ma’qul hadis Safvon ibn Ussol tomonidan rivoyat etilgan hadisdir», deydilar.

Abu Iso at-Termiziy aytadilar: Mash bobidagi bu so‘z payg‘ambar alayhissalomning aksari sahobai ulamolari va tobe’inlari hamda ulardan so‘ng o‘tgan Sufyon, Ibn al-Muborak, ash-Shofi’iy, Ahmad va Ishoq kabi fuqaholarning so‘zlaridir. Ular: «Bir joyda muqim turgan kishi bir kecha-kunduz, safardagi kishi esa uch kecha-kunduzgacha mash tortadi», deydilar. Ba’zi bir ahli ilmlardan rivoyat qilishlaricha, ular mahs - choriqqa mash tortishda muddatni belgilamaydilar. Bu Molik ibn Anasning so‘zidir. (Ammo) Abu Iso at-Termiziy aytganlar: «(Mash tortishda) vaqt (muddat) belgilash va unga rioya qilish to‘g‘ridir». Darhaqiqat, ushbu hadis (avval zikr qilinganidek) Safron ibn Ussoldan rivoyat qilingan edi[16].

Muallif roviylarning fikr-mulohazalari, payg‘ambar alayhissalomga yaqin bo‘lgan sahobalar va boshqa ulamolar fikriga tayanib hadis haqidagi fikrlarini bayon etadi. Asarga kiritilgan bir necha ming hadisni shunday tadqiq qilish muallifdan tinimsiz mehnat, sabr-toqat, irodani talab qilganligini tasavvur qilish qiyin emas.

Chunonchi, at-Termiziy kitoblarida bu xildagi hadislarning birmuncha ko‘pligi uning benazir izlanishlaridan dalolatdir. Ushbu asar haqida muallifning o‘zi ham: «Al-Jomi’»ni yozib tugatib Hijoz, Iroq va Xuroson olimlariga ko‘rsatganimda, ular uni mamnunlik bilan bir ovozdan ma’qul topdilar. Rostdan ham kimning xonadonida bu kitob bo‘lsa, go‘yoki bu uyda payg‘ambar alayhissalomning o‘zlari so‘zlayotgandek[17], - deb yozadi.

Mashhur olim Toshko‘briyzoda Imom at-Termiziy faoliyatiga yuqori baho berib shunday yozadi: «Imom at-Termiziyning hadis ilmi sohasida ko‘plab tasnifotlari bor. Ul zotning «As-Sahiyh» asari ushbu kitoblarning eng yaxshisi va g‘oyat foydalisidir. Bu kitobda «sahiyh», «hasan», «g‘ariyb» kabi turli xildagi hadislar bayon etiladi. Kitobning «Kitob al-ilal» qismi illatli hadislarga bag‘ishlangan holda foydali mulohazalarni o‘z ichiga olgan. Ushbu asarni mutoala qilgan har bir kishi uning noyob durdonalaridan bebahra qolmaydi»[18].

At-Termiziy zamonidagi olimlar uning hadis ilmidagi xizmatlarini yuksak baholaganlar. Hadis imomlaridan biri Abdurahmon ibn Muhammad al-Idrisiy «at-Termiziy hadis ilmida iqtido qilinadigan imomlardan biridir», deb yozsa, Taqiuddin ibn Taymiya «Abu Iso at-Termiziy birinchi bo‘lib hadislarni sahiyh, hasan, zaifga taqsim qilgan olimdir», deb guvohlik beradi.

Hofiz ibn Rajab o‘zining «Sharh ilal al-Jom’» nomli kitobida «bilgilki, Imom at-Termiziy birinchilardan bo‘lib o‘z kitoblarida hadisni sahiyh, hasan va g‘ariybga bo‘lganlar»[19], deb allomaning hadis ilmidagi xizmatlarini alohida ta’kidlaydi. At-Termiziy asarining barchaga - keng ommaga foydasi haqida al-Hofiz Abul-Fazl Muhammad ibn Tohir al-Muqaddasiy (u 507-hijriy - 1113 melodiy yilda vafot etgan) «men uchun Imom at-Termiziyning «al-Jomi’» tasnifi Imom al-Buxoriy va Imom Muslim ibn al-Hajjoj asarlaridan ko‘ra ham foydaliroqdir. Chunonchi al-Buxoriy va Muslimning kitoblaridan ko‘pincha faqat o‘qimishli, ziyoli kishilargina foydalanadi. Ammo Abu Iso at-Termiziyning asaridan esa har bir istagan kishi bemalol foydalana oladi»[20], - deb yozgan edi.

Shu narsani alohida qayd etish zarurki, Imom at-Termiziyning ushbu asarida hadis ilmining turli masalalari kabi roviylar masalasiga ham alohida e’tibor berilgan. Bu jihatdan mazkur asar muallifning boshqa asarlaridan tubdan farq qiladi.

Imom at-Termiziy asarining ushbu foydali tomonlari xususida al-Hokim an-Naysoburiy «al-Madxal ilo ma’rifat kitob al-iqliyl»[21], al-Muqaddasiy «Shurut al-aimmat as-sitta»[22] kabi asarlarida alohida ta’kidlab o‘tgan. Shu bilan birga hadis ilmining istilohlarini yaratishda ham Imom at-Termiziyning hissasi katta. Hadis ilmiga doir istilohlarni o‘rganishda asosiy manbalar hisoblangan «U’lum al-hadiys» («Hadis ilmlari») kitoblarida uchraydigan barcha istilohlar «al-Jomi’» asarida keng ko‘lamda keltirilgan. At-Termiziy uslubiga taqlid qilib asar yaratgan mualliflardan Imom ad-Doruqutniyni (995 yilda vafot etgan) ko‘rsatish mumkin. U o‘zining ulkan asari «as-Sunan»ni yaratishda hadislarni turli toifalarga ajratib, ularni sahiyh, hasan va zaif darajalarda keltiradi. Shuningdek, Imom Abdulazim al-Munziriy (1258 yidda vafot etgan) ham «At-Targ‘iyb vat-tarhiyb»da Imom at-Termiziy uslubidan yurib har bir hadis haqida alohida fikr yuritadi. Imom at-Termiziy haqida alloma al-Idrisiy «al-Jomi’», «Tarixlar», «al-Ilal» kabi buyuk asarlar tasnif etdi. Hifzda (yodlashda) u haqida masallar keltiradilar»[23]. Muarrix Ibn al-Asir uning haqida: «Hadis ilmida iqtido qilinadigan buyuk olimlardan biri, u eng buyuk hofizlardan ham sanaladi»[24], deb yozgan.

Imom at-Termiziy o‘z ustozi va safdoshi Imom al-Buxoriy suhbatida bo‘lganda u at-Termiziyga «Men sendan ko‘rgan foyda sen mendan ko‘rgan foydadan ko‘proq»[25], deb uning bilimi va aql-idrokiga yuksak baho bergan. Mana shu keltirilgan fikr-mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, Imom at-Termiziy hadis ilmining ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan buyuk alloma bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda Imom at-Termiziy faoliyatiga bir qadar ta’na bilan qaragan olimlar ham bo‘lgan. Uni sahiyh va hasan hadislar darajasi (rutbasi)ni aniqlashda biroz ko‘ngli bo‘sh, iltifotli bo‘lgan. Bu shundan iboratki, ba’zi bir sahiyh yoki hasan hadislar ushbu darajaga loyiq bo‘lmasa ham ularni sahiyh va hasan deb qabul qilgan deyiladi. Mana shunday at-Termiziyga ta’na bildirganlardan biri tarixchi Shamsuddin az-Zahabiy bo‘lib, u o‘z asari «Miyzon al-e’tidol»da bu e’tirozini bildirgan[26]. Lekin Imom at-Termiziy ijodini chuqur o‘rgangan qator tadqiqotchilar az-Zahabiy e’tirozlari aksar holda asossiz ekanligini ilmiy, asosli xulosalar bilan isbotlagan[27]. Ayni vaqtda Imom at-Termiziyning o‘zi ham ushbu asarni yozib tugatgach, o‘z davrining yetuk olimlari hukmiga havola etgan va ular muhokamasidan o‘tkazgan. Bu haqda alloma shunday hikoya qiladi: «Ushbu asarimni tasnif etib bo‘lgach, al-Hijoz ulamolariga taqdim etdim, ular ma’qulladilar, keyin Iroq ulamolariga ko‘rsatdim, ular ham ma’qulladilar, so‘ng Xuroson ulamolariga ko‘rsatganimda, ular ham ma’qul topdilar»[28].

Hadis ilmi bilan shug‘ullangan muhaddislar hadislarni boblarga bo‘lish (tabviyb)ga, tarojum va unvonlar (anoviyn)ga alohida e’tibor berganlar. Bu masalalar muallifdan yuksak salohiyatni talab qiladi. Boblarga bo‘lish masalasi yaxshi hal bo‘lgan asarlarning, bir tomondan, ilmiy ahamiyati katta bo‘lsa, ikkinchi tomondan, bu zayldagi asarlar ulkan amaliy ahamiyatga ham molikdir. Chunonchi, undan foydalanuvchi har bir kishi istagan masala bo‘yicha kerakli ma’lumotga ega bo‘lishi mumkin. Mana shu tarzdagi ilmiy-amaliy ahamiyatga molik olti kitob eng ishonchli manba hisoblanadi. Ular olti kitob (kutub sitta) yoki olti sahiyh kitoblar (as-sihoh as-sitta) nomli bilan ataladi: al-Buxoriyning «Sahiyh», Muslim ibn Hajjojning «Sahiyh», at-Termiziyning «al-Jomi’», Abu Dovudning «as-Sunan», an-Nasoiyning «al-Mujtabo» yoki «as-Sunan» va Ibn Moja al-Qazviniyning «as-Sunan» asarlari.

Imom at-Termiziy hadislarni boblarga bulish (tabviyb)da ikki xil uslubga tayandi.

Birinchi uslub: Bir mavzuga, masalan, tahorat, zakot, nikohga oid turli-tuman masalalar va boblarni o‘zida mujassam qilgan hadislarni umumiy bir unvon (sarlavha) ostida keltiradi... Masalan: Abvob at-tahorati a’n Rasululloh (Rasululloh aytganlaridan tahoratga oid boblar), Abvob az-zakot a’n Rasululloh («Rasululloh aytganlaridan zakotga oid boblar») va hokazo.

Ikkinchi uslub: Muayyan masalaga oid bir yoki bir necha hadislarni muallif dalolat uchun maxsus unvon (sarlavha) va bobda keltiradi. Bunday hollarda at-Termiziy ushbu bob mazmuniga oid bosh so‘zga tayanib yozadi. Masalan: «Bob mo joa fis-sivok» («Misvok (tish tozalovchi) xususida kelgan hadis...»).

Imom at-Termiziy hadislar mavzu bayonida bob (ko‘pligi abvob) iborasini qo‘llagan bo‘lsa, ayni shu maqsadda Imom al-Buxoriy esa «kitob» lafzini ishlatgan. At-Termiziy muqarrar ravishda har safar bob (abvob)dan keyin «Rasululloh sallallohu alayhi vasallam» iborasini qo‘shib keltiradi.

Bu o‘rinda har bir bob tarjimasida Imom at-Termiziy qo‘llagan tariqa (yo‘l, uslub)ni bilish alohida ahamiyat kasb etishini ta’kidlash zarur, chunki mana shu tarojumlar oxir-oqibatda muallifning jiddi-jahdi, uning iqtidori va qolaversa fiqhiy chuqur bilimini ham ifodalaydi. Mana shu masalani muayyan darajada o‘rganish Imom at-Termiziy tarojumlarini uch turga bo‘lishni taqozo etadi:

Birinchidan, tarojuming zohiriy tariqasini, bu uning mazmunidan ochiq oydin anglashilib u haqda hech bir fikrlash va mulohazaga ehtiyoj bo‘lmaydi. Ikkinchidan, istinbotiy (tadqiq qilib o‘rganiladigan) tarojumlarki, ularning muayyan darajada (chuqur yoki bir qadar yuzaki) bahs va tafakkur vositasida o‘sha bob mazmuniga mosligi idrok etiladi. Uchinchidan, mursaliy (bo‘sh, ochiq) qoldirilgan tarojumlar bo‘lib, unda hadisning mazmuniga ishorat qiladigan unvon (sarlavha) bo‘lmay faqat «bob» iborasi bilan chegaralanadi. Mana shu uch tariyqa (yo‘l, uslub) tarojumlar Imom at-Termiziyning «al-Jomi’», shuningdek, Imom al-Buxoriyning «Sahiyh al-Buxoriy» asarida ham mavjuddirki[29], bu taqsimlash uslubi tarojumlarni chuqur tadqiq etishda katta ahamiyat kasb etadi.

Eng avvalo zohiriy tarojumlar (at-tarojum az-zohira) haqida gapiradigan bo‘lsak, bu xildagi tarojumlar at-Termiziyning asarida aksar hollarda uchrab, hatto uning asari, ba’zi mualliflar alohida ta’kidlaganlaridek[30], bu yo‘nalishdagi eng qulay asarlardan sanalgan. Chunonchi, at-Termiziy asari bilan tanishgan har bir ilm tolibi bu holni osonlikcha fahmlaydi. Muallifning «mo joa» (taalluqli, doir) yoki ko‘p hollarda «bobun mo joa fi kazo» («falon masalaga doir bob») deb alohida ta’kidlashi mazkur tarojumning mazmun-mohiyatini aniq ko‘rsatadi. Ushbu ibora Imom al-Buxoriy faoliyatida ham, garchand kam hollarda bo‘lsa-da, kuzatiladi.

Imom at-Termiziy faoliyatida ko‘p uchraydigan ushbu xildagi tarojumlar muayyan maqsadlarga qaratilgan va ma’lum ma’nolarni anglatadi. Ushbu masalada Imom at-Termiziy maslaklarini Imom al-Buxoriy maslaklari bilan muqoyasa qilishlikning ilmiy ahamiyati borligining guvohi bo‘lamiz.

Imom al-Buxoriy va Imom at-Termiziy asarlari zohiriy tarojumlarning qator maslaklarida bir-biriga mushtarak ekanligini ko‘ramiz. Bu hol quyidagi masalalarda ayon bo‘ladi:

1. Umumiy xabariy (hikoyat) siyg‘aga ega tarojum bo‘lib, bunda tarojum, bobning mazmunini umumiy bir xabar, extimollik holatiga ishorat qilib so‘ngra bobda keltirilgan hadis orqaligina asil maqsad ayon bo‘ladi. Bu hol avvalroq qayd qilganimizdek, Imom at-Termiziyda ko‘p uchrab, Imom al-Buxoriyda kamroq keltiriladi.

At-Termiziyning «Al-Jomi’» asaridan bir misol keltiramiz. Asarda muallif «Bobun mo joa fis-sivok» (Sivok) tishkovlagich, misvok xususidagi bobga doir «Agarki ummatimga qiyin bo‘lmaganda edi har bir namozdan oldin misvok bilan tishlarini tozalashni buyurardim»[31], degan hadis bilan tasdiqlaydi-ki, bu bilan asl murod-maqsadini aniq bayon qiladi. Yoki bo‘lmasa kiyim haqidagi boblarda «Bobun mo joa fil-hariyr vaz-zahab» («shoyi va tillo xususidagi bob»)ga doir Abu Muso al-Ash’ariyning rivoyati asosida Rasulullohning «Shoyi (hariyr) va tillo buyumlarni kiyishni ummatimning erkaklariga harom va ayollariga halol qilganligini»[32] hadisga tayanib ta’kidlaydi.

2. Xos (maxsus) xabariy (hikoyat) siyg‘aga ega tarojum bo‘lib, bundagi bob masalani aniq ifoda qiladi.

Bunga misol tariqasida Imom at-Termiziy asaridan salot (namoz) haqidagi hadislarni keltirish mumkin[33].

3. Savol tarzidagi siyg‘aga ega tarojum (at-tarojuma bi-siyg‘atil-istifhom) - bu shunday holatki, bunda bob tarojumasi savol (istifhom) tarzidagi iboralardan tashkil topadi. Bu maslak Imom al-Buxoriy ijodida ko‘proq va daqiyq uslubda qo‘llanilgan, Imom at-Termiziyda esa nisbatan kam hollarda uchraydi. Ulamolarning fikricha, bu tarzdagi tarojumlar asosan ixtilofli va bahsli masalalarga doir bo‘lib, masalan, Imom at-Termiziy o‘z asarida keltirgan (namoz paytida nuhud (sajdadan turish) qanday bo‘lishi kerak haqidagi bobga doir»[34] ni ko‘rsatish mumkin. Turli mazhablar (masalan, shofe’iylar va hanafiylar) o‘rtasida ushbu masalada muayyan ixtilof bo‘lib, bu haqda muallif ham o‘z asarida ko‘rsatib o‘tgan.

4. Bob hadisdan iqtibos etib olingan tarojum yoki to‘lig‘icha hadisning so‘zlari bobda kelgan tarojumda qisman yoki to‘lig‘icha rivoyat qilinadi. Bu fikrni Imom at-Termiziy odob haqida keltirgan bir hadisda yaqqol ko‘rishimiz mumkin. «Olloh atsni (aks urmoqni) xushlab, esnashni yoqtirmasligiga doir bob»da ushbu hadisni ixroj etadi. «Darhaqiqat, Olloh aksirishni xush ko‘rib, esnashni yomon (karohatli) ko‘radi. Shu tufayli agar biror kishi aks, ursa alhamdullilohi, deydi va uning bu so‘zini eshitgan har bir kishi «Senga Ollohning rahmati yog‘ilsin» (yarhamuka Olloh) va hokazo deydi»[35]. Mana shu misoldan yaqqol ko‘rinib turibdiki, ixroj qilinayotgan hadisdan bir qismi tarojumda keltirilgan. Ayni shu holni Imom al-Buxoriyning asarida ham uchratamiz. Masalan, tib (tabobat) haqida «dardini bergan Olloh uning shifosini ham o‘zi beradi bobidagi» hadisning so‘zi aynan shu bobda ham ixroj qilingan[36].

5. Amrli masalaning boshlanishi va biror ishning paydo (zohir) bo‘lishi haqida ogoh etuvchi tarojumlar. Imom at-Termiziy, shuningdek, al-Buxoriy biror ishning boshlanishidan darak beruvchi tarojumlarni keltiradi. Masalan, Imom at-Termiziy salot (namoz) haqida «Azonning boshlanishiga doir bob». Mana shu mavzuning qay tariqa boshlanishi haqidagi to‘liq ma’lumotlarni o‘z ichiga qamraydi[37]. Shu sababli ular shariatning tarixiga doir ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lganligidan ulamolar, ilm toliblari va tadqiqotchilar uchun g‘oyatda qimmatlidir. Ayni vaqtda shuni ham qayd etish kerakki, turli mazhablarga mansub ulamolar o‘rtasidagi ixtilofli masalalar bo‘yicha, xususan fiqhiy masalalarda Imom at-Termiziy o‘z asarlarida alohida hadislarni dalillar vositasida boblar bilan keltirgan hollari ko‘p uchraydi.

Arab tilida istinbotiy tarojumlar deb nomlanadigan boblarda mualliflar o‘z kitoblariga kiritilgan masalalarga ularning mazmun va mavzularidan kelib chiqqan holda unvon (sarlavha)lar qo‘yadilar. Bu holda sarlavha o‘sha bobning mazmuniga ochiq-oydin mos bo‘ladi. Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad kitob muallifi muayyan bobda mavjud hadislar bevosita yetisha olmagan natijaga erishishdir. Shu bois ham muallif o‘z fikr-mulohazasi yordamidagina ushbu maqsadga erishadi. Bu uslub Imom al-Buxoriy kitobida ko‘p qo‘llanilgan bo‘lsa, Imom at-Termiziyda nisbatan kamroq qo‘llanilgan.

Ayni vaqtda bu ikkala buyuk muhaddis ijodiyotida istinbotiy tarojumlarda mushtarak yo‘l-yo‘riqlar (maslaklar) mujassam bo‘lganligining ham guvohi bo‘lamiz.

«Mursaliy tarojumlar» deb atalgan boblarda esa tarojumlar rivoyat etilgan bo‘lsa-da, to‘lig‘icha zikr qilinmaydi va uning unvoni «bob» degan so‘z bilan chegaralanadi. Imom at-Termiziy «al-Jomi’» asarida bu xildagi tarojumlar ikki so‘z (ibora)da - «bob» va bob minhu (undan bob) bilan keltiriladi. Imom al-Buxoriy esa faqat bir siyg‘a (ya∋ bob)ni qo‘llash bilan chegaralangan.

Yuqoridagi fikr-mulohazalardan quyidagi xulosaga kelish mumkin:

- Imom al-Buxoriy uslubiga ergashgan holda Imom at-Termiziy ham o‘z kitobini avval boblarga bo‘lgan holda tartib berib, so‘ngra tarojumlarni al-Buxoriy oldin qo‘llagan uslub va maslaklarga tayanib ta’lif etdi;

- Imom at-Termiziy o‘z ustozi Imom al-Buxoriydan g‘oyatda ta’sirlangan holda uning ijodidan o‘z «al-Jomi’» asari tasnifida foydalandi;

- Imom at-Termiziy asarida keltirilgan tarojumlarni idrok etish osonroq bo‘lib, Imom al-Buxoriy asarida mukammal istinbot (chuqur tadqiq etish) ustunligi ko‘zga tashlanadi;

- Imom al-Buxoriyning Abu Iso at-Termiziydan yana bir ustunligi tarojumlar yo‘l-yo‘riq (masolik)larining xilma-xilligi, ularda ko‘p ilmiy va boshqa foydali jihatlarining aks etishidir;

- Imom at-Termiziy tarojumlarga mazkur bob mazmuniga dalil sifatida qaraydi, ammo Imom al-Buxoriy esa ularga (tarojumlarga) o‘z fiqhi va ilmini ham ifoda etadi.

«AL-JOMI’» ASARIDA FIQH MASALALARI

Hadis ilmiga bag‘ishlangan asarlarda ahkom masalalarini o‘rganish hijriy ikkinchi asrning o‘rtalaridan, Imom Molik ibn Anas davridan boshlangan edi. Mana shu paytdan boshlab hadislarni tadvin etish (tartiblash) fiqhiy boblarga asoslanib amalga oshirilib, shu maqsadda muvattot tartibida asarlar paydo bo‘la boshladi. Masalan, al-Qoziy Iyod o‘zining «al-Mudorak» nomli asarida «birinchi bo‘lib «al-Muvatto» asarini yaratgan Abdullaziz ibn Abdulmalik ibn al-Majishun»[38] deb yozgan edi.

Shundan so‘ng Imom Molik ibn Anas uning bu faoliyatini g‘oyatda ma’qullab o‘zi ham «al-Muvatto» asarini tasnif etdi[39]. U o‘zi al-Madina al-munavvara va boshqa shaharlarda uchratgan ulamolardan yozib olgan hadislaridan tanlab olib bu asariga kiritdi. Muallif ushbu asariga kiritgan mazkur hadislarni sof manba deb hisoblab, hadis to‘plash maqsadida boshqa mamlakatlarga safar qilmadi. Yana shuni qayd etish kerakki, «al-Muvatto»ga nafaqat marfu’ (ya∋ payg‘ambar allayhissalomga borib bog‘lanadigan) hadislar, balki madinalik sahobalar va tobe’iyn ulamolardan rivoyat qilingan hadislar ham kiritilgan. Shu bilan birga muallif fiqhiy masalalarda o‘z nuqtai-nazarini va mulohazalarini bildirgan edi. Yuqorida zikr qilganimiz al-Qoziy Iyod «al-Mudorak» asarida Molik ibn Anasning o‘z asari «al-Muvatto» haqida «Unda («al-Muvatto»da) Rasululloh hadislari, sahoba va tobe’iynlarning so‘zlari va o‘zimning fikr-mulohazalarim mujassam bo‘lgan»[40], - degan so‘zlarini keltiradi.

Molik ibn Anas ushbu asarini yaratishga alohida e’tibor va o‘ta mas’uliyat bilan qaradi. Asarga tanlab kiritilgan hadislarning soni to‘rt ming hadisni tashkil etadi. Ko‘p olimlarning fikricha, bu asar islom dini ravnaqi uchun ham, musulmonlar uchun ham katta ahamiyatga molikdir[41]. Muallifning turli masalalar bo‘yicha o‘z fikrini dadil bildirishi «Uyqudan namozga turilsa, albatta, tahorat olish zarur»[42] degan fikrida namoyon bo‘ladi.

Hadislardagi fiqhiy masalalarni tadqiq etishda Molik ibn Anasga ergashgan ayrim mualliflar (masalan, Ibn Abu Shayba, Abdurrazoq ash-Shofi’y) ham shu yo‘sinda asarlar tasnif etdilar[43]. Mana shu mualliflar asarlarini, shuningdek, ahl ar-rayning fiqhiy masalalardagi fikr-mulohazalarini har tomonlama chuqur o‘rgangan, tadqiq etgan Imom al-Buxoriy o‘zining «as-Saxiyh» asarida fiqhiy masalalarga alohida e’tibor berib uni batamom yuksak pog‘anaga ko‘tardi[44]. Imom al-Buxoriydan keyin bu sohaga qo‘l urgan muhaddislardan biri uning shogirdi Imom at-Termiziy hisoblanadi. Bu paytga kelib hadislarda fiqhiy masalalarda qator asarlar yaratilgan va muayyan darajada taraqqiy etgan edi. Mana shunday holatda Imom at-Termiziy o‘zining shoh asari «al-Jomi’»da o‘ziga xos uslubni qo‘llaydi. Muallif fiqhiy masalalar va ahkomlarni o‘z abvoblari (boblari) mazmuni jumlasiga kiritadi. Fiqh ilmi olimlarining fikr-mulohazalarini keltirib turli-tuman mazhablardan ogoh qildi, ba’zi hollarda ulardan eng maqbuli va afzallarini ajratib ko‘rsatdi. O’z asarlarida ahl al-ilm nazdida qabul bo‘lgan hadislarga tayangan holda fikr yuritdi.

Fiqhiy masalalarda Imom at-Termiziy uslublarini umumlashtirgan holda quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:

- tarojumlarga e’timod qilish;

- bob mazmunida ulamo va roviylar fikrini hadislarda ifoda etish;

- g‘oyalar o‘rtasida afzallarini alohida ko‘rsatish;

- boblarni ulardan kelib chiqadigan ahkomlarga asosan turlarga bo‘lish.

Imom at-Termiziyning «al-Jomi’» asari bahsli masalalarni talqin qilishda yirik manba hisoblanadi. U ayniqsa qadimiy (qariyb unutilayozgan) ta’limotlarni o‘rganish masalasida tengi yo‘q asarlardan biri sifatida tan olingan. Masalan, Imom al-Avzo’iy, Iroqda yashagan mashhur imomlardan Sufyon as-Savriylarning mazhabiy ta’limotlari uzoq muddat amalda joriy bo‘lgan edi.

Ibn Rohvayh nomi bilan mashhur bo‘lgan xurosonlik olim Imom Ishoq Ibrohim al-Hanzaliy, movarounnahrlik alloma Abdulloh al-Muborak al-Marvaziy mazhablarini o‘rganishda ham Imom at-Termiziy asarining ahamiyati beqiyos edi. Bu asar nafaqat qator mazhabiy ta’limotlar, ayni vaqtda ulamolar o‘rtasidagi ixtilofiy masalalarni har tomonlama o‘rganishda ham alohida ahamiyatga molik edi. Shu bois bu asar haqida «Ixtilofli masalalar haqida bizgacha yetib kelgan eng qadimiy manba»[45] deb alohida ta’kidlanadi. Imom at-Termiziy asarining o‘sha mazhab sohiblari va peshvolari yashagan davrga vaqt jihatdan yaqinligi asarga ishonchli manba sifatida qarashni taqozo etadi. Bu hol ayniqsa ilm ahllari va tadqiqotchilar uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Chunonchi, asardagi naqllarda imkon boricha kamroq xatoga yo‘l qo‘yilib, keyin yozilgan asarlarga nisbatan unga afzallik beriladi.

Imom at-Termiziyning «al-Jomi’» asarida fiqhiy masalalar ham ifoda etilgan bo‘lib, ularni tadqiq etishda uchta muhim jihatga e’tibor berishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Birinchi masala - Imom at-Termiziyning fiqhiy yo‘nalishi.

Ikkinchi masala - u rivoyat qilgan hadislarda mazhabiy isnodlarning o‘rni.

Uchinchi masala - fiqhiy masalalar ifodasi.

Mana shu masalalarni batafsil ko‘rib chiqish at-Termiziyning fiqhiy masalalardagi qarashlarini to‘liq ifoda etadi.

Imom at-Termiziyning fiqhiy yo‘nalishi. Hijriy ikkinchi asrni islom dinida fiqhiy masalalarda uyg‘onish davri, desak hech bir mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunonchi, ayni shu paytda ijtihod degan masala paydo bo‘lib, bu sohada turli mazhablarning ashoblari - yirik ulamolar yetishib chiqqan.

Ijtihod - Qur’oni karim va payg‘ambar alayhissalom hadislariga asoslangan holda davr taqozosini hisobga olib, jamiyat taraqqiyoti va ma’naviyati ravnaqiga xizmat qiladigan foydali g‘oya va mafkuralar yaratish, muammolarni hal etishning maqbul, yangi yo‘llarini topishdir[46]. Bu hol, albatta, islom dinining o‘ziga xos xususiyatlaridan hisoblanadi. Binobarin ilm-fan taraqqiyotidagi o‘zgarishlarni teran anglab shariat ahkomlarini zamonga mos ravishda talqin qilish har qanday davrda ham xalqimizning har tomonlama taraqqiy etishiga sezilarli vosita bo‘lgan.

O’sha davrdan boshlab ijtihod ahlining tutgan yo‘li (tariqati) asosan ikki guruhga ajralgan edi: ahl ar-ray tariqati va ahl al-hadis tariqati. Ahl ar-ray tariqatining markazi Iroqda, ayniqsa al-Kufa va Basrada bo‘lib, uning ulamolari ahl ar-ray deb atala boshlandi. Ahl al-hadisning maktabi al-Hijoz (Makka, Madina)da bo‘lib ular ulamolariga ahl al-hadis deb nom berildi. Har toifaning yetakchi imomlari bo‘lib, ularning izdoshlari o‘z mazhablarining afzalligi va g‘alabasi yo‘lida jiddi-jahd ko‘rsatardilar va da’vat yo‘li bilan yangi tarafdorlarni topib, ular sonlarini ko‘paytirishga intilardilar. Hijriy uchinchi asrda hadis ilmida olti sahih kitoblarning mualliflari, shu jumladan Imom at-Termiziy yashab ijod qildi. Bu davrda musulmonlar o‘rtasida mashhur imomlarning mazhablariga qo‘shilish, mazhabiy taqlid paydo bo‘ldi. Bunda taqlidchilar muayyan bir imom mazhabini ixtiyor etib, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab tarafkashlik qilar, ko‘p hollarda esa ular o‘rtasida qizg‘in bahslar, kurashlar ham sodir bo‘lardi. Mana shu tariqa ular o‘rtasida ixtilof kuchaya boshladi.

Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziyga o‘xshash nufuzli muhaddislar Qur’oni karim, payg‘ambar hadislari, sahobai kiromlarning asarlarini butun mazmun-mohiyati bilan egallaganliklari tufayli, ularda ijtihodiy qarashlar mavjud bo‘lsa-da, lekin ular taqlidchilarga mansub emasdilar. Ular o‘z ijtihodiy g‘oyalari haqida baralla gapirib, shunga amal qilardilar, ayniqsa ixtilofli masalalar paydo bo‘lgan vaziyatlarda bu holatga ko‘proq rioya qilardilar[47].

Turli mazhablar va g‘oyalarga munosabat masalasida Imom at-Termiziyning tutgan mavqei payg‘ambar alayhissalomning hadislari va faqat dalil-isbotlar bilangina xulosa chiqarishga asoslangan edi. Albatta, bunday hollarda faqat sahiyh hadislar va eng kuchli dalil asosiy rol o‘ynar edi. U o‘z ustozlari - eng avvalo Imom al-Buxoriyning va boshqa hadis ilmidagi ulamolarning ta’sirida ahl ar-ray mazhabiga emas, ahl al-hadis yo‘lida sobitqadamlik bilan fikr yuritdi, uni chuqur tahqiq va tadqiq (istinbot) etish orqali o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Imom at-Termiziy ijodining yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, u ahl ar-ray haqida gapirar ekan, ular mazhablarini bayon kilish uchun o‘z asarida «qola ahl al-Kufa» (Kufa ahli degan) yoki «Qola ba’zu ahl al-Kufa» («ahl al-Kufadan ba’zisi degan») kabi iboralarni ko‘p ishlatadi[48].

Imom at-Termiziy asarida ko‘p uchraydigan iboralardan yana biri «ashobuno» («bizning ashoblarimiz») iborasidir. Bu umumlashgan atama bilan at-Termiziy Molik ibn Anas, Muhammad ibn Idriys ash-Shofe’iy, Ahmad ibn Hanbal, Ishoq ibn Rohvayh kabi fiqh ilmining mujtahidlaridan bo‘lgan ahl al-hadisni nazarda tutgan[49].

Hadis ilmining yirik allomasi sanalgan Imom at-Termiziy ulamolarning so‘zlari va ularning fiqhiy ta’limotlarini faqat hadislarga xos bo‘lgan ishonchli isnodlar bilangina keltiradi, ularga tayanib ilmiy xulosalar chiqaradi. Binobarin, mazhab sohiblaridan naql etiladigan fikr-mulohazalarni bilishda isnodlar katta ahamiyat kasb etardi. Imom at-Termiziy fiqhiy isnodlarni Sufyon as-Savriy, Muhammad ibn Usmon al-Kufiy, Ubaydulloh ibn Muso al-Abasiy, Maktum ibn Abbos at-Termiziy, Muhammad ibn Yusuf al-Firyobiydan naql qilgan[50].

Bir qancha buyuk muhaddislar bu sohada barakali ijod qilgan bo‘lib, ulardan Imom al-Buxoriyning ustozi Ali ibn Abdulloh al-Madiyniy, Imom Ahmad ibn Hanbal, Imom al-Buxoriy, Muslim ibn al-Hajjoj, Imom at-Termiziy, Ibn Abu Hotam, ad-Doruqutniylarni zikr qilish mumkin. Mana shu mualliflarning asarlaridan Imom ad-Doruqutniyning musnadlarga asoslanib tartib berilgan o‘n ikki jildlik illatli hadislarga bag‘ishlangan asari alohida o‘rin egallaydi[51].

Imom at-Termiziy illatli hadislarga bag‘ishlab ikki asar yaratgan bo‘lib, ular «Al-Ilal as-sag‘iyr» va «Al-Ilal al-kabiyr yoki al-mufrad» nomi bilan ataladi. «Al-Ilal as-sag‘iyr» asarini Imom at-Termiziy «al-Jomi’»ning xotimasi sifatida yaratgan. «Al-Ilal al-kabiyr yoki mufrad» esa alohida mustaqil asar bo‘lib, unda birinchi asariga kirmagan illatli hadislar keltirilgan.

Категория: Tarix | Просмотров: 1069 | Добавил: ஜ☆DJ_Aloviddin☆ஜ | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
Добавлять комментарии могут только зарегистрированные пользователи.
[ Регистрация | Вход ]

ЖАНРЫ

УЗБЕКСКИЕ МУЗЫКА

НАШИ ПРОЕКТЫ

ФЭН-КЛУБ

ВАША РЕКЛАМА

ОПРОС
Оцените мой сайт

Всего голосов: 144
НАШИ ГРУППЫ
ТОП КОММЕНТАТОРОВ
Статистика

Онлайн всего: 1
Гостей: 1
Пользователей: 0
CinemaUz.Net - Первый Онлайн Кинотеатр ©2013-2014.

Смотреть Узбекские фильмы | Смотреть Узбекские клипы | Смотреть Концерты | Смотреть мультики | Смотреть Боевики